Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.
Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.
Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.
Tog’lar orasidagi shifobaxsh, zilol suvlari, yashil tabiati bilan ko’rkam ikki qishloq ahlining xursandchilik onlari edi. Qishloq ahli bolalari ilm olishlari uchun yangi zamonaviy maktab qurilishi haqidagi gaplar butun qishloqqa yoyilgan edi.
Bu ishlarga boshchilik qilayotgan Mahmud tog’a qishloqning eng boobro’ odamlaridan edi. Katta-katta yerlari, hovli joylari bir qishloqning deyarli yarmini egallardi. Oilasi ahil, ayoli - ikki o’g’il, uch qizning onasi Karomat aya ham obro’li oiladan, oqila ayol. Mahalladagilar uni oqila, tadbirli, sahiy ayol bo’lganligi uchun hurmat qilishardi. Har safar Ramazon oyi kirdimi, qo’ni-qo’shni, qarindoshlardan ehtiyojmandlariga kiyim-kechak, oziq-ovqat ulashardi. Mana o’sha barakotli oy kirib kelishiga ikki kun qoldi. Mahmud tog'aning yakkayu yagona singlisi olamdan o’tganiga chamasi 15 yil bo’lgan, 3 yashar Salimbek ismli o’g’li Mahmud tog'aning qaramog’ida qolgandi.Yillar o’tib o’sha go’dak 18 yoshni qarshi oldi. Salimbek tug’ma nogiron bo’lganligi sabab duduqlanib gapirardi. Mahmud tog'a ishlari ko’pligidan Salimbek bilan tuzukroq gaplashishga ham vaqti yetmay, deyarli ko’p vaqti ko’chada o’tardi. Shu sababmi Salimbek tog’asidan hayiqib o’zini begonaday chetga olardi. Xatto voyaga yetgach hovlining chekkasidagi kichik uyga ko’chib o’tgandi.
Ikki qishloq bolalari uchun maktab qurulishi arafasi. Qurilish bo’yicha o’tkazilgan tenderda badavlat kishilar, bir qator qurilish firmalari ham qatnashdi. Ular orasida Mahmud tog'a ham uning azaldan kelisholmay yurgan raqibi G'iyosiddin boy ham tengma-teng kuch sinashdi. Mahmud tog'aning sa’y-harakatlari, oilasining duolari ijobat bo’lib, bu yilgi tenderda uning firmasi g’olib bo’ldi. G'iyosiddin boy Mahmud tog'aning oldida kulib tursada, ichidagi g’arazi qaynar xumchaday qaynardi. Ramazon oyi kirib keldi-yu Mahmud tog'a mahalla guzarida kunora iftorlik, kamta’minlangan oilalar uchun saharlik ham uyushtirardi. Kun biroz uzaygan, ro’zadorlarga bu yilgi ro’za qiyin ko’ringan bo’lsada bir pasda yarmidan ko’pi ham o’tdi. Mana ming oydan afzal bo’lgan “Laylatul-qadr” kechasi kirib kelishiga sanoqli kunlar qoldi. Ushbu kechani Qur’oni karim tilovati, duoyu ibodatlar bilan o’tkazish maqsadida Mahmud tog'alarning uyida katta iftorlik harakatlari avjida. Mahmud tog'a shu kechada o’zaro adovatini chetga surib G'iyosiddin boyni ham taklif qildi.
Karomat aya supur-sidir, pishiriq ishlari bilan band bo’lib jiyani Salimbekdan tuzukroq xabar ham ololmay qoldi. Salimbek uch-to’rt kundan beri to’rt g’ildirakli aravani azonlab olib ketar, uyga kech kirganda qaytardi. Mahmud tog'a ishdan qaytarkan bir-ikki bor ko’zi tushdi-yu, e’tibor bermadi. Bugun tush payti jiyani Salimbekni ko’cha-ko’yda muzqaynoq sotib yurganini ko’rib qoldi. Birdan badanini sovuq ter bosdi. “Nahotki bu bolaga pul yoki kiyim-kechak yetmasa, yo och qolayotganmikan. Oilamiz obro’sini bir pul qilib muzqaymoq sotayaptimi?!” degan o’y bilan jiyanini kuzatar ekan, Salimbekning yerda yotgan qog’oz parchalarini peshonasiga surtib xaltasiga solayotganiga guvoh bo’ldi. “Bu ishi nimasi ekan?! Mahmud tog'aning jiyani “axlatchi” degan nom yetmay turgandi”, deb o’ziga-ozi alla nimalarni pichirlab to’g’ri Salimbekni oldiga bordi. O’zini zo’rg’a qo’lga olib, darhol uyga borishini aytdi. Salimbek tog’asidan biroz cho’chidi-yu, yo’l-yo’lakay yana ahyon-ahyonda uchragan o’sha qog’oz parchalarini yig’a ketdi. Atrofda kuzatayotga ayollar o’zaro “Tavba, oltin topgan odam ham bunday quvonmaydiya”, deb pichirlashardi. Uning ortidan bir to’da bola chopqillab yurardi. Yo’l-yo’lakay ularni Salimbek muzqaymoq bilan mehmon qilardi. Salimbekning asl niyati muzqaymoq sotish emasdi, bolalarni xursand qilmoqchi edi. Shu bahona bilan qog’ozlarni ham yig’ishtirardi.
“Laylatul-qadr”dan oldingi so’nggi tun. Mahmud tog'a ishdan qaytarkan Karomat aya qarshi oldi va “Salimbekka qattiq gapirmang, aqli ojiz bo’lsa nima qilayotganini bilmagandir”, deya yupatdi. Shu kecha Mahmud tog'a Salimbek bilan gaplashib olish uchun uyining oldiga keldi va eshigini jahl bilan taqillatdi. Atrof jim-jim, tun qorong’u bo’lsada ramazonning iliqligi bor edi. Eshik oldida ancha kutgan Mahmud tog'a ortiga qaytarkan devor tagida o’tirgan Salimbekni ko’rib hayron bo’ldi. O’zini ancha bosib, bo’g’iq ovozda:
- Salimbek, qilgan ishingdan xursand emasman, oilamizni do’st-dushman oldida sharmanda qilmoqchimisan, o’glim. Muzqaymoq sotayotganingga hayronman, pul kerak desang istaganingcha beray, ish desang tuzukroq ishga joylab qo’yaman, ko’cha-ko’yda axlat yig’ib yurganingni o’z ko’zlarim bilan ko’rdim, dedi. Salimbek asta o’rnidan turib, ko’zlari to’la yosh bilan:
- Tog’ajon sizni hafa qilgan bo’lsam kechiring. Qilgan ishlarimga ming bora uzr so’rayman. Axlat yig’ayotganim yo’q, bu ish menga vazifa qilib berildi. Mening ham sizga aytadigan gapim bor edi. Ertaga tongda o’laman. Sizdan iltimosim meni qabrga siz qo’ying, dedi duduqlanib. Mahmud tog'a nima deyishini bilmay qotib qoldi va ishonqiramay xayrli tun tilab uyga kirib ketdi.
Balki bu unga avliyolar kabi avvaldan berilgan bir xabardir. Ammo buni tog’asi payqamadi.
Tong otay deb qolgan, Karomat aya odatdagiday qizlari bilan oila a’zolariga saharlik tayyorladi. Salimbekning uyiga choy-ovqatini ko’ratib olib bordi. Uyga kirdi va qo’lidagilarni stolga qo’yib:
- Salimbek tur o’g’lim, kun yorishib tong otib ketmasin, ul-bul yeb olgin, o’rgilay, turaqol, deb yoniga o’tirdi. Salimbekning yuzlari oppoq, ko’zlari uhlayotganday yumuq edi. Qo’llari biroz sovuq tuyuldi. Karomat aya qancha uyg’otishga harakat qilmasin Salimbekdan sado chiqmadi. Mahmud tog'a tahorat olgani chiqarkan Karomat ayaning “Salimbek” deb baqirgan ovozini eshitdi-yu Salimbek tunda aytgan gaplari yodiga tushdi. Uning uyi tomon yugurdi. Salimbekning joni chiqqaniga chamasi bir soat bo’lgandi. Mahmud tog'aning ustidan sovuq suv quyib yuborilganday bo’ldi. “Nega bechoraning qalbiga ozor berdim” deb ich-etini yerdi. Stol ustidagi xaltada turgan qog’oz parchalarini qo’liga oldi. Badanida titroq turdi. U axlat deyayotgan qog’ozlar Qur’oni karimda keltirilgan duolar yozilgan qog’oz, ramazon taqvimi bo’lakchalari, Basmala, ya’ni “Bismillahir rohmanir rohiym” deb yozilgan taklifnomalar, hadislar, Allohning go’zal ismlari yozilgan gazeta bo’laklari edi. Mahmud tog'a hamma narsaga endi tushunib yetgandi.
Salimbekni yuvib-tarab peshin namoziga olib borishdi. Janoza namozidan keyin qabristonda hozir bo’lganlar go’rkovga yordam berishar, atrofda Salimbekning mitti do’stlari, bolajonlar ham uning haqqiga duo qilishardi. Mahmud tog'aning hayoli Salimbekning so’nggi iltimosini bajo keltirishda edi. Oppoq matoga o’ralgan jasadni qabrga qo’ymoqchi bo’lgan o’g’illariga “to’xtanglar, bu menga vasiyat qilingan edi” deya uni qabrga o’zi qo’ydi. Tuproq tortish uchun egilar ekan, bir fursat hayrat bilan qabr ichiga tikilib qoldi. Mahmud tog'a Salimbekni so’lim jannat bog’larida, atroflari anhoru noz-ne’matlar bilan o’ralgan makonda tog’asiga mamnuniyat bilan qarab turganini ko’rdi. Osmondan yaltirab oppoq qog’ozlar yog’ilardi. Atrofdagilar u ko’rayotgan narsalardan bexabar Mahmud tog'aga qarab turishardi. Buni yolg’iz Mahmud tog'a ko’rdi. Janoza, dafn marosimi ham o’tdi. Bu kecha “Qadr” kechasi edi. Iftorlikka mehmonlar birin-ketin kela boshlashdi. G'iyosiddin boyning kelishidan asosiy maqsad, Mahmud tog'aning oilasidan kamchilik topib odamlar orasida mazax qilish edi. Ulug’ kechani Qur’on tilovati, duo-yu ibodat bilan o’tkazdilar.
Oradan kunlar o’tib qishloq ahli azonlab jome’ masjidiga hayit namozini ado etish uchun yig’ilishdi. Hayit namozini huzur bilan o’qigan jamoa, bir-birlarini hayit bayrami bilan qutladilar. Amaki, tog’a, buvalar nevaralariga “hayitlik” olib uylariga tarqala boshlashdi. Mahmud tog'a masjiddan chiqar ekan o’rindiq tagida yotgan qog’ozga ko’zi tushdi. Darhol egildiyu qo’liga olib, o’pib peshonasiga surdi va yuqoriroq joyga hurmat bilan olib qo’ydi. Ikki qadam orqada kelayotgan G'iyosiddin boy:
- “Axlatchi” jiyani vafot etib, bu ishlarni qilish o’zlariga qolibdi-da”, deb mazax qildi.
Mahmud tog'a indamay yo’lida davom etdi. G'iyosiddin boy o’g’liga “ol-chi” deb qog’ozga ishora qildi. O’g’li qog’ozni oldiyu, o’ylanib qoldi. G'iyosiddin boy qog’ozni o’g’lining qo’lidan tortib olib o’qidi: “Umar raziallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, amallar niyatga bog’liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo’ladi. Bas, kimning hijrati Alloh va Uning Rasuli uchun bo’lsa, uning hijrati Allohga va Uning Rasuliga bo’ladi. Kimning hijrati dunyo uchun bo’lsa, unga erishadi. Yoki ayol uchun bo’lsa, uni nikohlab oladi. Bas, uning hijrati nima uchun qilgan bo’lsa, o’shanga bo’ladi”, dedilar”. U axlat deb hisoblayotgan, Salimbek yelib-yugurib terib olgan qog’ozlaridagi yozuvlar oddiy yozuvlar emasdi. Ba’zisi oyat, ba’zisi hadis edi. Yoshligida uning marhum buvijonisi o’rgatgan o’gitlari yodiga tushdi. Buvisi unga doim: “O’g’lim xat-yozuvi bor qog’ozlarni oyoqosti qilmagin. Bolajonim xat-yozuv ham ilm hisoblanadi. Ilmni oyoq osti qilish yaxshilikka olib kelmaydi” deb ta’kidlardi. G'iyosiddin boy: “Men o’zimga g’anim bilgan kishi qilayotgan bu ish “qandayin sharafli ish” ekan” deya ko’zlariga yosh oldi. Qilgan ishlari uchu Alloh taologa tavba qildi.
P.S: Bu hikoyani bo’lagan voqea asosida tayyorladim. Ozgina badiiy bezak berdim xolos. Bu hikoyani “ilm qadri” deb nomlaganidan maqsad hozirgi kunda ko’cha-ko’yda oyoq-osti qilinayotgan, nojoiz joylarga qo’yilayotgan kitob, gazetalarga ozgina e’tibor berilsa, ularda ham yuqoridagi narsalar yozilgan bo’lishi mumkinligi, nafaqat diniy ilm, balki dunyoviy ilm bo’lsa ham qadrlasak” demoqchi edim. Haqiqatdan ham, yozuv ham bir ilm deb o’ylayman. NurShohida