1447 йил 20 жумадис сони | 2025 йил 11 декабрь, пайшанба
Минтақа:
ЎЗ UZ RU EN
Жаннат райҳонлари

Boshqa tuyaning hikoyasi

14:42 / 29.06.2024 2952 pdf Ўқиш режими + -

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.
Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.
Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.

Assalomu alaykum, siz Allohning rasuli Muhammad alayhissalomga jon dilidan xizmat qilgan Qasvo nomli tuyaning hikoyasini oʻqigan edingiz. Oʻshanda men ham ul muborak zotning bir moʻjizalari haqida hikoya qilishni dilimga tugib qoʻygan edim. Siz kimsiz deysizmi? Men ham Paygʻambar alayhissalomning sahobalariga qarashli tuya boʻlaman.

Balki hayotda siz tuyalarni faqatgina televizor orqali yoki maxsus tomoshaxonalarda koʻrgandirsiz. Hozir har bir kishi bitta yengil mashinali boʻlishni orzu qilsa, qadimda har bir erkak kishi bitta tuyali boʻlishni orzu qilardi. Ilgarilari katta-katta musobaqalarda eng katta, nufuzli sovrin tuya hisoblanardi. Hozir turli zamonaviy ulovlar koʻpayib ketgani uchun bizning xizmatimizga ehtiyoj sezilmay ham qoldi.

Bizning eng xushxoʻr yemishimiz yantoq. Egalarimiz oʻzlaridan ortira olishsa, uncha-muncha arpa yormasidan ham berib turishardi. Arablarda hamisha suv taqchil boʻlgan. U yerda toʻlib-toshib oqadigan daryolar yoʻq. Shuning uchun ham Arab sahrosi degan nom olgan. Biz tuyalar bir suvga toʻyib olsak, oʻn-oʻn besh kunlab suv ichmay sahroning jazirama issigʻida yuraveramiz. Alloh bizni ana shunaqa chidamli, qanoatli qilib yaratgan. Ba'zi kunlari qum koʻchib, shamol turib savdo karvonlari adashib qolardi. Bunday paytda karvondagilar suvsizlikdan qiynaladi.

Shunda ular nima qilishardi, deng? Bizning burundigʻimizni boʻynimizga oʻrab oʻz holimizga qoʻyib yuborishardi. Ha, kema haydovchilar dengizda adashib qolishsa, boshqarayotgan kemani tavakkal qilib shamol qoʻliga topshirib qoʻygandek. Biz ham odamlarni albatta biron-bir suvli joyga yoki quduq tepasiga boshlab borardik. Suvning hidini ellik chaqirim naridan bilardik-da. Xudo bizga ana shunaqa noyob sezgilarni ato etgan. Sal chalgʻib ketdimmi, soʻzimiz nima haqda edi? Tuyalarning quturib ketishi haqida edi-a?

Men kunlardan bir kun juda yomon holga tushdim. Yeru koʻkka sigʻmay qolgan edim. Qimirlagan jon borki, uni oyoqlarim ostiga olib, tishlarim bilan burdalab tashlasam derdim. Qonim qaynab, ogʻzimdan tinimsiz oq koʻpik kelardi. Oʻru-qirning farqiga bormay, oʻzimni toʻrt tarafga urardim. Har zamon bir zamonda horib, charchab oʻzimga kelib ham qolardim. Bundoq damlarda nimaga bu dardga yoʻliqib qoldim, deb oʻylardim. Shunda nimagadir, kunboʻyi och-nahor ishlaganim, ekinlarga suv tashib, tunlari uxlamaganimni, buning ustiga egamning achchiq kaltaklarini yeganlarimni eslardim. Shunda qonim qaytadan qaynab, yotgan boʻlsam turib, turgan boʻlsam yugurib ketardim. Ha, oʻsha menga azob bergan odamni topib, oʻchimni olgim kelaverardi. Biz tuyalar qutursak, oʻlardek kekchi boʻlib qolamiz. Balki biz emas, boshqa hayvonlar ham shunaqadir.

Mening bu ahvolga tushishim egamni tashvishga solib qoʻydi. Uning mendan boʻlak durustroq ulovi yoʻq edi. Eshagi bor edi-yu, u bilan ekinlarni sugʻorishga yetarli suv tashiy olmas, uzoq yoʻllarga bora olmas edi. Eshakka yuk ortsa, tuyoqlari qumga botib qolardi. Alloh esa biz tuyalarni qum barxanlarida bemalol yuradigan qilib qoʻygan edi. Yostiqdek, yostiqdek oyoqlarimiz qattiq, toshloq yerdan koʻra qumni xush koʻrar, maza qilib yurardik.

Mening egam Paygʻambarimizning sahobalaridan edi. U kishi bir kuni Rasulullohga bunday deb shikoyat qilib qoldi:

– Yo Rasululloh, bir tuyamiz bor edi, uy ishlariga ham ishlatardik, ekinlarimizga ham shu tuyada suv tashirdik. Uzoq yoʻlimiz yaqin boʻlardi. Nima boʻldi-yu, fe'li aynib, bizni yaqiniga yoʻlatmay qoʻydi. Oʻzimiz ham, bogʻlarimiz ham suvsizlikdan koʻp qiynalmoqdamiz. Xurmo daraxtlari, ekinlar qurib bormoqda.

Rasululloh bu soʻzlarini eshitib bir-bir qadam bosib, mening yonimga keldilar. Egam shoshib qoldi.

– Yo Rasululloh, unga yaqin bormang, u tuya emas, bamisoli quturgan bir it. Sizga tashlanib qolmasin yana.

– Yoʻq, – dedilar Rasululloh, – menga bu tuya tashlanmaydi.

Ha, men hech qachon Rasulullohga tashlanmas edim. Biz jonivorlar u zotni odamlardan ham koʻproq yaxshi koʻrardik. Haq Paygʻambar ekanliklarini yaxshi bilardik. Shuning uchun ham Rasulullohning istiqbollariga shoshib oʻzim yurib bordim va yerga choʻkib salom berdim.

Dardimni aytdim, «Ey Allohning Rasuli, ne qilayki, shu ahvolga tushib qoldim. Egam rost gapni aytdi, men quturdim. Ayb menda emas, meni shu kuyga solgan egamning oʻzi», dedim.

Dilimdagini yashirmay Allohning Rasuliga bayon qildim. U zot mening nima deganimni va koʻnglimdan nimalar kechganini darrov angladilar va egamga:

– Tuyani koʻp ishlatib, oz yediribsan. Endi unday qilma, toʻydirib yedir, holiga qarab ishlat, – dedilar.

Ha, Allohning Rasuli haq gapni aytdilar. Undan keyin ul zoti muborak boʻynimdan tutib, egamga topshirdilar. U kishining muborak qoʻllari tegishi bilan quturish dardidan xalos boʻldim. Oldingidan ham yuvosh tortib qoldim, egam boʻlsa bu ajib holatni koʻrib:

– Yo Rasululloh, bu aqlsiz hayvon boʻla turib, sizga tiz choʻkib sajda qilganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Ha, u paygʻambarlik maqomingizni oʻrniga qoʻyib ado etdi. Biz inson boʻla turib nimaga sizga sajda qilmaymiz? Izn bering, men ham sajda qilay, – dedi.

– Yoʻq, – dedilar Rasululloh, – odam-odamga sajda qilmaydi. Odam yaratguvchisi – Allohgagina sajda qiladi.

Mana Paygʻambarimiz moʻjizalari haqidagi mening hikoyam ham tugadi. Koʻnglim ancha boʻshadi.

 

Erkin bobo

«Hilol» jurnali 12(57) son

 

 

Манба
islom.uz
Мавзуга оид мақолалар
11 Yusuf dedi Bu ish menga Robbim o`rgatgan narsalardandirrdquo. Lekin Alloh ilmini hammaga ham beravermaydi. Albatta Alloh ilmini mushriklarga bermaydi. Nega Robbim bularni menga o`rgatganini bilasizlarmi Chunki men shirk ahlining yo`llarini tark etdim. Va otalarim Ibrohim, Ishoq va Ya`qubning давоми...

3665 19:00 / 28.04.2019
Assalomu alaykum. Gapni uzoq cho`zmay, o`zimni tanishtirib qo`ya qolsam. Kamina Jin bo`laman. Haligi, siz bolajonlarni kattalar .Ana jin,, .Ana ajina,, deb qo`rqitishadiku. Xuddi o`sha Jinmanda Lekin aytib qo`yay men na bolalarni va na kattalarni qo`rqitaman. Ishonmaysizmi Aytingchi, musulmon odam давоми...

4005 17:31 / 10.10.2024
Fir`avn ta`qibidan sog`salomat qutulgan Bani Isroil bexavotir yerga yetganlarida sharafli ozod kishilardek yengil nafas oldilar. Bu yerda ularga na Fir`avn na Homon va na Fi`avn mirshablari xavf solardi. Endi qo`rqmasdan eminerkin, xotirjam, Allohdan boshqa biror kishidan qo`rqmasdan yurishlari давоми...

2823 19:00 / 04.09.2022
Firaposavn o`zining g`azab o`qlarini bo`shatgach, Muso uni Alloh o`qi bilan otmoqchi bo`ldi..Muso dedi, Yoki men senga ochiqoydin narsa keltirsamchi,.Firaposavn dedi .Agar rostgo`y kishilardan bo`lib, oyat mo`aposjiza bilan kelgan bo`lsang, qani uni keltir,..Shunda Muso tutib turgan asosini давоми...

12630 15:00 / 09.01.2022
Аудиолар

212466 11:58 / 10.10.2018
«Ҳилол» журнали
Китоблар

131690 14:35 / 11.08.2021