1446 йил 20 жумадис сони | 2024 йил 22 декабрь, якшанба
Минтақа:
ЎЗ UZ RU EN
Жаннат райҳонлари

Tuyaning hikoyasi

09:19 / 11.11.2023 2970 pdf Ўқиш режими + -

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.
Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.
Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.

Assalomu alaykum, hikoya qilish navbati nihoyat menga ham yetib keldi. Qadimgi paytlarda yuk tashishda mening oldimga tushadigani yoʻq edi. Mashinalar, poezdlar, samolyotlar paydo boʻldi-yu, odamlar meni eslaridan chiqarib qoʻyishdi. Meni ilgari ulugʻlashib «Sahro kemasi» ham deb atashardi. Mening qadamim yetgan joylar oʻz-oʻzidan karvon yoʻllari deb atalardi. 


Ismim Jad’o, Paygʻambarimiz Makkadan Madinaga hijrat qilganlarida men u kishining xizmatlarida boʻlgan edim. Ana shunaqa, baxtiyor jonivorlardanman. Paygʻambarimizning bir emas uchta tuyalari bor edi. Yana bir sherigimning ismi Qasvo edi. Uchinchisiniki Azboa edi. Oramizda Azboa juda ham chopogʻon edi. Hech birimiz unga yetib yurolmas edik. Shoshilinch paytlarda Paygʻambarimiz oʻshani minardilar. Boshqa paytlarda Qasvo ikkimiz xizmatlarida boʻlar edik. Azboani sahobalar koʻpincha poygalarga qoʻyishar edi, qanaqa poyga boʻlmasin u marrani birinchi boʻlib egallardi. Shungami, u juda kerilib ketgan, bosar-tusarini bilmay qolgan edi. Boshqalar ham uning chopagʻonligi uchun koʻp erkalatishardi-da. Bir kuni u poyga paytida dinsiz arobiyning tuyasiga yutqazib qoʻydi. Sahobalar bu holdan xafa boʻlishdi va Rasulullohga kelib voqeani aytishdi. Rasululloh boʻlsalar shunday deganlarini eshitdim:
– Bunga xafa boʻlmanglar, chunki dunyoda har bir koʻtarilgan narsani tushirish Allohning odatidir, – dedilar.


Shu voqeadan keyin Azboaning ancha popugi pasayib qoldi. Sal boʻlmasa manmansirab ketgan edi-da. Azboa Paygʻambarimiz vafot etganlaridan keyin ayriliqqa chiday olmadi. Motam tutib xas-xashak yemay qoʻydi va shu koʻyi oʻlib ketdi. Paygʻambarimizning Ya’far, Ufayr degan eshaklari ham bor edi. Ya’far juda ham aqlli jonivor edi. U shaytonni koʻrardi. Uni koʻrdi deguncha, undan xabar berish uchunmi yoki uni la’natlash uchunmi, hangrab yuborardi.


Yana bir gap, Paygʻambarimiz xoʻrozlarning tong pallasida qichqirishlarini yaxshi koʻrar edilar. U kishining bitta oq xoʻrozlari bor edi. Uni suyub parvarish qilar edilar, bu haqda hadislar ham bor. Paygʻambarimiz ana shu ikki jonivor haqida shunday deganlar: «Xoʻroz qichqirganini eshitsanglar Allohdan yaxshilik soʻrab duo qilinglar, chunki u qichqirganda farishtalarni chaqiradi. Shunda farishtalar omin desa duo qabul boʻladi. Agarda eshak hangrasa Allohdan panoh soʻranglar, u shaytonni koʻrib hangraydi».


Paygʻambar Muhammad alayhissalom bu jonivorlarni yaxshi koʻrardilar. U kishining ona kiyik bilan va boshqa jonivorlar bilan gaplashganlarini eshitganman. Ular Paygʻambarimiz bilan xuddi odamga oʻxshab gaplashishgan. Bilsangiz, bular ham bir moʻjizadir.


Ul kishi meni minganlarida hech ham burundigʻimni ushlamas edilar. Boshqalarga ham tutdirmas edilar. Men Allohning amri bilan Paygʻambarimiz qayoqqa otlansalar, oʻz-oʻzimdan oʻsha yoqqa yurar va manzilni adashmay topib borar edim.


Madinaga hijrat qilganimizda ham shunday boʻldi. Shaharga kirishimiz bilan minglab odamlar bizni oʻrab olishdi. Hammayoq bayram tusiga kirgan, odamlar turli-tuman cholgʻularni chalishar, qoʻshiqlar aytishar, chiroyli baytlar toʻqishar edi. Ha, Madinada Paygʻambarimizning kelishlariga katta shodiyonalik boshlangan edi. Kutib oluvchilarning har biri mening burundigʻimni tutmoqchi boʻlishar va shu koʻyi Paygʻambarimiz uylariga tushishlarini, mehmon boʻlishlarini orzu qilishardi.


– Yo Rasululloh bizning hovliga tushing, siz uchun alohida uy tayyorlab qoʻyibmiz. Koʻnglimiz charogʻon boʻldi, kulbamizni ham charogʻon qiling, – deya oʻtinishar edi madinaliklar.


Paygʻambarimiz mehmondoʻst madinaliklar orasida talash edilar. U kishi tabassum qilar, madinaliklar bilan soʻrashar, ularning Islomga kirganliklari bilan qutlar edilar. Mening boʻlsa burundigʻim boʻynimga oʻralgan, toʻxtamay, ozod ketib borar edim. Odamlar yana Rasulullohga murojaat qila boshladilar:
– Yo Rasululloh, qadami sharifingiz bilan kimning kulbasini guliston qilursiz?
Shunda Rasululloh dedilar:
– Men mingan tuyamga bu ish buyurilmishdir, u qaerga choʻksa, oʻsha joy bizning manzilimiz boʻlur.


Odamlar bu javobdan hangu-mang boʻlib qolishdi. Ular endi menga ham alohida e’tibor bera boshladilar. «Ey jonivor, mening kulbam oldida choʻkkil», deb murojaat qilishar, yolvorishardi. Har bir darvoza oldida turganlar umid bilan menga boqishardi. Men esa hamon yoʻlda davom etardim. Mening buyurilgan joyim aniq edi, u joy Paygʻambarimizning qarindoshi, togʻasi Bani Adi Binni Najor mahallasi edi. Muhammad sallallohu alayhi vasallam bu mahallada ilgari boʻlmagan edilar. Meni farishtalar boshlab borishar, mahallaning qaerdaligini ular bilar edilar.


Nihoyat, Abu Ayyub Ansoriyning kulbasi roʻparasida toʻxtashga amr etildim. Shu yerga choʻkdim, Kulba egasi Ansoriyning koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkildi. Paygʻambar yerga tushar ekanlar, shunday dedilar:
– Shu joy bizning manzilimiz, inshaalloh. 
Ul muborak zot duo oʻqidilar:
– Ey bor Xudoyo, meni qutlugʻ, muborak oʻringa tushirgin, tushiruvchilarning eng yaxshisi oʻzingdursan!


Ansoriy suyunganidan oʻzini yoʻqotar holga keldi va ustimdagi yuklarni uyiga olib kira boshladi.
– Kishining yuki qaerda boʻlsa, egasi ham shu yerda boʻlur, – deya Muhammad alayhissalom uy egasining orqasidan yurdilar.


Buni koʻrgan madinaliklar:
– Ey Ansoriy, siz qanchalar Alloh suygan bandasiz, biz endi Muhammad alayhissalomni ziyorat qilgani har kuni uyingizga kelgaymiz. Bu qutlugʻ baxt muborak boʻlsin, – deb uylariga tarqadilar.


Keyinchalik oʻsha men choʻkkan joy Islom tarixida oʻchmas boʻlib qoldi. Paygʻambarimiz u yerni sotib oldilar, masjid qurdilar. Bu masjid Madinadagi dastlabki masjid edi. Ha, Paygʻambarimiz oʻz qoʻllari bilan qurgan birinchi ibodatxona edi. Dastlabki azon tovushi ham shu yerdan yangragan. «Masjidi Nabaviya», ya’ni Paygʻambar masjidi nomi bilan mashhur boʻldi.


Biz tuyalar jonivorlar orasida eng azizi hisoblanamiz. Chunki, oʻtmishdagi Paygʻambarlarga ham, Muhammad alayhissalomga ham biz xizmatda boʻlganmiz. Yana men shu narsaga ham guvoh boʻlganmanki, Paygʻambarga vahiy olib tushadigan Jabroil alayhissalom Rasulullohning dushmanlariga nortuya boʻlib koʻringanlar va ularga dahshat solib, qoʻrqitganlar. Shundan bilingki, biz ham Alloh yaratgan moʻjizalardanmiz. Qalay mening ham hikoyam sizlarga ma'qul boʻldimi? Ma'qul qila olgan boʻlsam, baxtiyorman.

Erkin bobo
«Hilol» jurnalining 7(52) sonidan

Манба
islom.uz
Мавзуга оид мақолалар
Assalomu alaykum. Gapni uzoq cho`zmay, o`zimni tanishtirib qo`ya qolsam. Kamina Jin bo`laman. Haligi, siz bolajonlarni kattalar .Ana jin,, .Ana ajina,, deb qo`rqitishadiku. Xuddi o`sha Jinmanda Lekin aytib qo`yay men na bolalarni va na kattalarni qo`rqitaman. Ishonmaysizmi Aytingchi, musulmon odam давоми...

1765 17:31 / 10 октябрь
Ey, farzandVujud insoniyatga Alloh bergan bir omonat hisoblanadi. Demak, vujuddagi a`zolar ham Allohning omonatidir. Omonatga xoinlik, ya`ni xiyonat qilinmaydi. Bu xususda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat etadilar.Ummatim ustiga shunday bir zamon keladiki, omonatlar saqlanmaydi давоми...

8502 12:30 / 01.01.2019
Ikkinchi kuni Muso o`sha Bani Isroillikni yana boshqa qibtiy bilan urushib, janjallashib turganini ko`rdi. Bani Isroillik uyalmasdan yana uni yordamga chaqirdi. Muso unga dedi Sen yaramas odam ekansan. Hadeb hamma bilan yoqa bo`g`ishaverasanmi Yana tag`in baqirib, meni yordamga chaqirasan Nima, давоми...

1891 15:00 / 24.10.2021
25 Bu buyuk boylik Yusufni Allohdan mashg`ul qilib ham qo`ymadi o`zgartirmadi ham.Yusuf hamisha Allohni zikr qilar va Unga ibodat qilib, Undan qo`rqar edi.Yusuf Allohning hukmi bilan hukm qilar va Allohning buyruqlarini ijro qilar edi.Yusuf mulkka ko`p e`tibor bermas va uni katta narsa deb давоми...

2586 20:00 / 12.07.2019
Аудиолар

137612 11:58 / 10.10.2018
«Ҳилол» журнали
Китоблар

57679 14:35 / 11.08.2021